10 мая 2016 г.

“KIChIK OLIMPIADA”GA KATTA HOZIRLIK

“KIChIK OLIMPIADA”GA KATTA HOZIRLIK

    “KIChIK OLIMPIADA”GA KATTA HOZIRLIK
    Viloyatimizda musobaqa ishtirokchilariga munosib shart-sharoit yaratish borasida keng ko’lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilyapti
    Bugun Farg’ona va farg’onaliklar yoshlik, go’zallik va sport bayrami – “Universiada – 2016” shukuhi bilan yashamoqda.
    Viloyatimiz mezbonligida musobaqa final bosqichini yuqori saviyada tashkil etish, ishtirokchilarga betakror va unutilmas onlarni tuhfa etish maqsadida alohida chora-tadbirlar dasturi asosida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari nihoyasiga etkazilyapti.
    Farg’ona Davlat universiteti qoshidagi 3-sonli akademik litseyda 200 nafar musobaqa ishtirokchilari joylashtirilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan litseyning 200 o’rinli yotoqxonasi mukammal ta’mirdan chiqarilib, “Orzu ta’mir qurilish” xususiy korxonasi tomonidan 1 milliard 68 million so’mlik qurilish ishlari bajarildi. Yotoqxonani jihozlash uchun 320-330 million so’mlik yangi mebel jihozlari olib kelindi. Maishiy texnikalar, kompyuter jamlanmasi, televizor, yotoqxona jihozlari, tibbiy-sanitariya vositalari uchun 150 million so’m mablag’ sarflandi. Tayyorgarlik ishlari jarayonida litseyda 150 o’rinli zamonaviy oshxona ham qad rostladi. Bugungi kunda tamaddixonani yangi oshxona anjomlari bilan jihozlash ishlari olib borilyapti.
    Universiada sport musobaqalariga tayyorgarlik ishlari doirasida litsey hududida keng ko’lamli ko’kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ayni kunlarda hududga ekilgan anvoyi gullar, iqlim mo’’tadilligi va musaffoligini ta’minlashga xizmat qiluvchi manzarali daraxtlar nihollari mehr bilan parvarishlanyapti.
    Farg’ona Olimpiya zaxiralari kollejida “Universiada – 2016” sport musobaqalarining 6 ta turi bo’yicha bellashuvlarni o’tkazish ko’zda tutilyapti. Kollejning tennis korti zalida – stol tennisi, qo’l to’pi zalida – qo’l to’pi, manej zalida – erkin kurash, yunon-rum kurashi, dzyudo, taekvando musobaqalari bo’lib o’tadi.
    Ayni kunlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan tennis kortida 72,5 million so’m, qo’l to’pi zalida 490 million so’m, manej zalida olib borilgan 856 million so’mlik ta’mirlash ishlari nihoyasiga etkazilayapti.
    Latofat va go’zallik aynan yoshlikka xos bo’ladi. Bugun Farg’ona Olimpiya zaxiralari kolleji hududida obodonlashtirish ishlari yoshlik va go’zallikni o’zaro uyg’unlashtirgandek go’yo. Anvoyi gulzorlar xiyobonlari sport turlari – futbol, mini futbol, voleybol, basketbol maydonlari ko’rinishida barpo etilgani alohida e’tirofga loyiq.
    Farg’ona soliq kollejiga kirib borar ekansiz, “Universiada – 2016” sport musobaqalari shukuhi bir zumda qalbingizga quvonch baxsh etadi. Kollej hududi ko’rkam va orasta. Taraddud ishlari borasida kollejning musobaqa qatnashchilari joylashtirilishi ko’zda tutilayotgan 200 o’rinli ikkita turar-joy binolari “Boniy quruvchi” MChJ tomonidan mukammal ta’mirdan chiqarildi. Buning uchun 920,9 million so’m mablag’ yo’naltirildi.
    Shuningdek, kollejning 200 o’rinli oshxonasi 239 million so’m mablag’ evaziga zamonaviy qiyofaga ega bo’ldi.
    Bir so’z bilan aytganda, yoshlik va shijoat, baxtiyorlik va do’stlik, o’zaro ahillik va birdamlik bayrami – “Universiada – 2016” mushtarak maqsad yo’lida barcha-barcha farg’onaliklarni obodonlashtirish, yaratuvchanlik yumushlarida sidqidildan mehnat qilishga undayotgani quvonarlidir.
    manba:http://ferghana.uz/