O‘ZBEKISTON
RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA
MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI
SAMARQAND DAVLAT
UNIVERSITETI
TABIIY FANLAR
FAKULTETI
TABIIY GEOGRAFIYA
VA GEOEKOLOGIYA KAFEDRASI
SHUKUROV ILHOMJON
O`RTA OSIYO TABIIY
GEOGRAFIYASI
fanidan
R E F E R A T
O`RTA
OSIYONING ALOXIDA MUXOFAZA QILINADIGAN XUDUDLARI
(LANDSHAFTLARI)
Ilmiy rahbar: ass.Mamajonov
R.I.
SAMARQAND 2012
Reja:
1. Alohida muhofaza etiladigan
hududlar haqida tushuncha
2. O’rta Osiyo qo‘riqxonalari
3. Milliy bog‘lar va buyurtmalar
Alohida muhofaza
etiladigan hududlar haqida tushuncha
Tabiatni muhofaza qilish - landshaftning bir
butunligi, tabiiy komponentlarning o‘zaro muvozanatini muhofaza qilishga
qaratilgan. Landshaftlarni muhofaza qilishning juda ko‘p shakllari mavjud.
Bular: qo‘riqxonalar, zakazniklar, rezervatlar, xalq bog‘laridan iborat.
Tabiatni muhofaza qilish ayrim hududlarda tabiiy kompleksni (landshaftlarni)
o‘z holicha maxsus rejim bilan qo‘riqlashni ham talab qiladi. Bunday maxsus
rejim bilan muhofaza qilinadigan hududlar xo‘jalikda o‘zlashtirishdan bevosita
ajratib olinib qo‘riqlanadigan tabiiy ob’ektlardir. Hududning ayrim
uchastkalarini muhofaza qilishda maxsus rejimini o‘rnatishning zarurligi fan-texnika
inqilobi sharoitida inson xo‘jalik faoliyati natijasida keskin o‘zgarayotgan va
kamayayotgan yer tabiiy boyliklariga insonning ongli munosabatda bo‘lishiga
asoslanadi. Bunday uchastkalarni qo‘riqxonalar, rezervatlar, tabiiy parklar,
tabiat yodgorliklari, zakazniklar deyiladi. Muhofaza qilinadigan hududlarning
tasnifi ishlab chiqilmagan. Ularni bo‘lishda qo‘yidagi belgilarga amal
qilinadi: 1) muhofaza qilinadigan
hududdan foydalanish rejimining asosiy maqsadi va harakteri; ulardan xo‘jalikda
foydalanishni butunlay man etish; fan va turizm manfaatlari uchun foydalanishni
chegaralash; tabiiy boyliklarni takror ishlab chiqarish (tiklash);
ma’rifiy-memorial (yodgorlik) ahamiyatiga ega bo‘lgan ob’ektlarni muhofaza
qilish va hokazo; 2)muhofaza qilinadigan ob’ektlarning murakkablik darajasi
(tabiiy landshaftlarning ayrim komponentlari yoki butun landshaft, tabiiy
boylik turlari); 3) o‘rnatilgan va chegaralangan cheklovning davom etishi
(resurslardan foydalanish umuman man qilinganmi yoki foydalanish ma’lum muddatga
limitlanganmi).
O‘rta Osiyo
va Qozog‘istonning alohida muhofaza
qilinadigan hududlari (landshaftlari)
№
|
Nomi
|
Tashkil qilingan
yili
|
Joylashgan
viloyati
|
Qo‘riqxona maydoni ga hisobida
|
1
|
2
|
3
|
4
|
5
|
1.
|
Zomin
tog‘ – o‘rmon davlat qo‘riqxonasi
|
1926 (1960)
|
Jizzax viloyati
|
10560
|
2.
|
Chotqol tog‘ – o‘rmon davlat
qo‘riqxonasi
|
1947
|
Toshkent viloyati
|
47500
|
3.
|
Qorako‘l qo‘riqxonasi
|
1971
|
Buxoro viloyati
|
20500
|
4.
|
Qiziqum qo‘riqxonasi
|
1971
|
Buxoro viloyati
|
4000
|
5.
|
Bodayto‘qay qo‘riqxonasi
|
1971
|
Qoraqalpog‘iston
Respublikasi
|
10000
|
6.
|
Nurota
tog‘ – yong‘oqzor qo‘riqxonasi
|
1975
|
Jizzax viloyati
|
40000
|
7.
|
Zarafshon qo‘riqxonasi
|
1977
|
Samarqand viloyati
|
2500
|
8.
|
Qizilsuv
tog‘ – archa qo‘riqxonasi
|
1975
|
Qashqadaryo
viloyati
|
20000
|
9.
|
Miroqi
tog‘ – o‘rmon davlat qo‘riqxonasi
|
1976
|
Qashqadaryo
viloyati
|
35000
|
10.
|
Vardanza
|
1976
|
Buxoro viloyati
|
324
|
11.
|
Kitob geologik qo‘riqxonasi
|
1979
|
Qashqadaryo
viloyati
|
5378
|
12.
|
«Surxon» qo‘riqxonasi
|
1986
|
Surxondaryo
viloyati
|
24583
|
13.
|
Besh – Orol qo‘riqxonasi
|
1979
|
O‘sh viloyati
|
116700
|
14.
|
Sori – Chelak qo‘riqxonasi
|
1959
|
O‘sh viloyati
|
23900
|
15.
|
Issiqko‘l qo‘riqxonasi
|
1948
|
Issiqko‘l viloyati
|
19000
|
16.
|
Norin qo‘riqxonasi
|
1983
|
Norin viloyati
|
24200
|
17.
|
Ustyurt qo‘riqxonasi
|
1984
|
Mang‘ishlak
viloyati
|
223000
|
18.
|
Borsakelmas
|
1939
|
Qizil orda viloyati
|
3000
|
19.
|
Naurzum qo‘riqxonasi
|
1959 (1951)
|
Kustonoy viloyati
|
86850
|
20.
|
Kurgal jin qo‘riqxonasi
|
1968 (1958)
|
Selinograd viloyati
|
237100
|
21.
|
Oqsu-jabog‘li qo‘riqxonasi
|
1929 (1920)
|
Chimkent viloyati
|
74400
|
22.
|
Olma-ota qo‘riqxonasi
|
1931
|
Olma-ota viloyati
|
73000
|
23.
|
Markakol qo‘riqxonasi
|
1976
|
Sharqiy Qozog‘iston
viloyati
|
71367
|
24.
|
Xazar (avvagi Krasnovodsk) qo‘riqxonasi
|
1932
|
Krasnovodsk
viloyati
|
262037
|
25.
|
Qoplanqir qo‘riqxonasi
|
1932
|
Toshhovuz viloyati
|
570000
|
26.
|
Syunt – Xasardag‘ qo‘riqxonasi
|
1979
|
Janubi – G‘arbiy Kopettog‘lari
|
29700
|
27.
|
Kopettog‘ qo‘riqxonasi
|
1976
|
Ashxobod viloyati
|
50000
|
28.
|
Amudaryo qo‘riqxonasi
|
1982
|
Chorjo‘y viloyati
|
50000
|
29.
|
Repetek qo‘riqxonasi
|
1928 (1912)
|
Chorjo‘y viloyati
|
34600
|
30.
|
Badxiz qo‘riqxonasi
|
1941
|
Mari viloyati
|
87600
|
Ko‘pgina mamlakatlarda tabiatni muhofaza qilishning
tashkiliy ko‘rinishlari bir xil emas va «qo‘riqxona», «milliy park»,
«rezervat», «zakaznik» tushunchalariga turli xil mazmun beriladi.
Mamlakatimizda alohida muhofaza qilinadigan yoki qo‘riqlanadigan hududlar –
landshaftlar - qo‘riqxonalar, har xil turdagi zakazniklar, tabiiy parklar va
yodgorliklar yuqoridagi belgilarga muvofiq tashkil qilinadi. Hozirgi vaqtda
qo‘riqlanadigan hududlar, ya’ni xo‘jalikda foydalanish butunlay man etilgan
tabiiy ob’ektlar tabiatni muhofaza qilishning asosiy va amaliy usuli emas.
Lekin shunga qaramasdan qo‘riqlanadigan hudud tabiatini muhofaza qilishda muhim
rol o‘ynaydi. Ularning vazifalari juda xilma-xildir. Spesifik va hududiy
vazifalar bilan birga, har bir qo‘riqlanadigan hudud tabiatini muhofaza
qilishning umumiy muammolarini hal etishga xizmat qiladi. Qo‘riqlanadigan hudud
tabiiy komplekslar tabiiy holatining etaloni bo‘lib xizmat qiladi. Inson
tomonidan nisbatan kam o‘zgartirilgan tabiiy komplekslarda geografik, geofizik,
biologik va boshqa jarayonlarni o‘rganish mumkin. Har xil tabiiy hududlar tipi
va komplekslari uchun xos bo‘lgan jarayonlarni bilish tabiatni o‘zgartirishni
loyihalashtirish va insonning geografik muhitga ta’sir etishining oqibatlarini
taxminiy tahlil qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
2. O’rta Osiyo
qo‘riqxonalari
Keyingi yillarda planetamizda qo‘riqlanadigan hududlar
soni to‘xtovsiz oshib bormoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 70-yillarning boshida
dunyo bo‘yicha 1204 ta qo‘riqxona va milliy bog‘lar bo‘lgan edi.
Qo‘riqlanadigan hududlarning tez o‘sishi shundan ma’lumki, ularning uchdan bir qismi
1960 yillardan boshlab tashkil qilingan. Hozirgi kunda yer kurrasi bo‘yicha
tabiatni muhofaza qilinadigan hududlarning soni 40 mingdan ko‘p. Shunday qilib,
yuqorida aytganimizdek, muhofaza qilinadigan landshaftlar, ya’ni
qo‘riqlanadigan hududlarning formasi xilma-xil. Xorijiy mamlakatlarda tabiatni
muhofaza qilishning asosiy ko‘rinishlari – milliy bog‘ va rezervatlar bo‘lsa,
masalan, Rossiyada qo‘riqxona va zakazniklardir. Qo‘riqxona quruqlik
maydonining harakterli tabiiy landshaftlari bo‘lgan ma’lum bir uchastkasi
bo‘lib, tabiatni muhofaza qilishning eng samarador formalaridan biridir.
Alohida muhofaza qilinadigan hududlar orasida qo‘riqxonalar muhim rol o‘ynaydi.
Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi – tabiatning diqqatga sazovor qimmatli
landshaftlarini jamiyat manfaatlari uchun saqlashdan iborat. Qo‘riqxona
hududlaridan xo‘jalikda foydalanish, hatto, pichan tayyorlash, ov qilish, baliq
tutish, qo‘ziqorin terish umuman ta’qiqlangan. Qo‘riqxonalar atrofi kam
foydalanib, muhofaza qilinadigan zona bo‘lishi kerak.
Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi va maqsadlari
nimadan iborat? Qo‘riqxonalar hududidagi mavjud komplekslar tabiiy holatda
saqlanadi. Ular inson tomonidan o‘zlashtirilayotgan va o‘zgargan qo‘shni
hududlar uchun etalon bo‘lib xizmat qiladi. Bunday etalonlar inson xo‘jalik
faoliyatining biz uchun qulay yoki noqulay ekanligini taqqoslashga, tabiatdan
amaliy foydalanish u yoki bu usulining naqadar maqsadga muvofiqligini nazorat
qilishga imkon beradi. Qo‘riqxonalarning asosiy vazifasi tabiatni har tomonlama
o‘rganishdir. U landshaft komponentlari o‘rtasidagi uzviy aloqadorlikni bilib,
tabiiy boyliklardan unumli foydalanish yo‘llarini ishlab chiqish uchun zarur.
Masalan, Kursk yaqinidagi Markaziy Qoratuproq qo‘riqxonasi o‘rmon-dasht zonasi
uchun harakterli bo‘lgan tabiiy–hududiy komplekslarning etaloni bo‘lib, bu
yerda Rossiya Fanlar akademiyasi Geografiya instituti tabiiy jarayonlarni ko‘p
yillardan buyon tekshiradi.
Qo‘riqxonalardagi tabiiy jarayonlarni o‘rganish
landshaft geografik jihatdan o‘xshash bo‘lgan hududlarning tabiiy boyliklari va
tabiiy sharoitidan unumli foydalanishni tashkil qilishni yengillashtiradi.
Shuning uchun qo‘riqxonalar tabiiy-hududiy komplekslarning hamma tipida
bo‘lishi kerak. Asosiy muhofaza qilish ob’ektiga bog‘liq holda qo‘riqxonalar
oldiga kompleks va maxsus vazifalar qo‘yiladi. Kompleks qo‘riqxonalarda butun
tabiiy-hududiy komplekslar tabiiy holda muhofaza qilinadi. O‘rta Osiyodagi
qo‘riqxonalarning asosiy qismi oldiga kompleks maqsadlar qo‘yilgan. Maxsus
vazifalarni bajaradigan qo‘riqxonalar asosan katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan
ayrim ob’ektlarni muhofaza etish uchun tashkil qilinadi. Masalan, Orol
dengizidagi tashkil etilgan Borsakelmas qo‘riqxonasi, eng avval, shu yerda
iqlimlashtirilgan qulon hamda sayg‘oq va jayronlarni qo‘riqlash va
biologiyasini o‘rganish uchun tashkil qilingan edi. Pitsunda qo‘riqxonasi
asosan relikt qarg‘aylarini muhofaza qilish uchun bunyod etilgan. Chelyabinsk
oblastidagi Ilmen qo‘riqxonasi uncha katta bo‘lmagan hududda 200 dan ortiq
noyob minerallar to‘plangan maydonni saqlash uchun tashkil qilingan. Zarafshon
tizmasining janubiy yon-bag‘irdagi Kitob davlat paleontologik-stratigrafik
qo‘riqxonasi geologik maqsadlar uchun tashkil etilgan. Qo‘riqxona
tabiiy-hududiy komplekslarning daxlsizligini ta’minlovchi tabiiy etalondir.
Hozirgi sharoitda planetamizning turli-tuman tirik organizmlar genofondini
saqlashda qo‘riqxonalarning roli katta. Qo‘riqxona hududida ko‘pgina hayvon va
o‘simlik turlarining hayoti uchun zarur bo‘lgan optimal sharoit mavjud. Shuning
uchun qo‘riqxonalar hayvon va o‘simliklarning ayrim turlarini saqlash va ularni
ko‘paytirishda muhim rol o‘ynaydi. Inson tomonidan o‘zgartirilgan
landshaftlarga moslasha olmagan hayvonlarni faqat qo‘riqxonalarda saqlash
mumkin bo‘lmoqda. Bular – zubr, qulon, goral, begemot, yo‘lbars, arslon,
qoplon, ilvirs (bars), suv kalamushi, turach, qizil g‘oz, gaga va boshqalardir.
Shuningdek, bir qancha o‘simlik turlari faqat qo‘riqxonalarda saqlanmoqda.
Masalan, AQShda mamont (sekvoyya) daraxti, Livanda livan kedri, Rossiya
hududida tis, shamshod, nilufar va boshqa turlar ana shunday o‘simliklardandir.
Qo‘riqxonalar ovlanadigan hayvonlarni saqlash va
ularni ko‘paytirishda katta rol o‘ynaydi. Masalan, Baykalda Barguzin
qo‘riqxonasi tashkil qilingan paytda (1916 yil) qurum toshlarda hammasi bo‘lib
20-30 suvsar yashardi. Muhofaza qilish natijasida hozir bu hayvon ko‘payib,
qo‘riqxonadagina emas, balki qo‘shni hududlarda ham ovchilik ahamiyatga ega.
Voronej qo‘riqxonasi barpo qilingan vaqtda (1927 yil) bir necha juft qunduz bor
edi. Shu qo‘riqxona tashkil etilgandan buyon undan Rossiyaning 73 rayoniga 3
mingdan ortiq qunduz tarqatildiki, ular 70 mingdan ortiq nasl berdi. Shunday
qilib, qo‘riqxona hududlari turli xil hayvon va o‘simlik turlarini, ovlanadigan
hayvonlarning miqdori va genetik fonlini saqlash uchun xizmat qiladi.
Mamlakatimizda hamma qo‘riqxonalar ilmiy
muassasalar hisoblanadi. Qo‘riqxonalarda yuzlab xodimlar tabiiy komplekslarni
va ularning ayrim kompo-nentlarini tekshiradilar, tabiiy hodisalarni qayd
qiladilar, ilmiy tajribalar o‘tkazadilar. Qo‘riqxonalar bilan mamlakati-mizning
ilmiy muassasa va oliy o‘quv yurtlari yaqin aloqa o‘rnatgan. Qo‘riqxonalarda
bo‘lajak biologlar, geograflar, o‘rmonshunoslar, geologlar dala praktikasini
o‘taydi. Qo‘riqxona hududlaridagi tabiiy jarayonlarga inson doimo aralashib
turishi kerak. Jumladan, qo‘riqxonadagi yirtqichlar, ularning o‘ljalari hamda
tuyoqlilar soni va yem-xashak bazasi ustidan nazorat qilib turilishi lozim.
O‘rta Osiyoda o‘ttizdan ortiq qo‘riqxonalar bor, shulardan ayrimlariga tavsif
beramiz.
Zomin tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi Turkiston tizmasi g‘arbiy qismining shimoliy
yon-bag‘irda, Zomin tog‘ida 1900-3500 metr mutlaq balandlikda joylashgan. Bu
yerda tog‘ dasht (cho‘l), o‘rmon va subalp o‘simlik mintaqalari mavjud.
Qo‘riqxona hududida 150 dan ortiq o‘simlik turlari uchraydi. Qo‘riqxona
hududining katta qismi – 6756 gektari o‘rmon mintaqasi, archazordan iborat. Bu
yerda archaning uch turi uchraydi. O‘rmonzorning pastki qismida (1900-2700 metr
balandlikda) Zarafshon archasi yoki qora archa, o‘rta qismida (2100-2800 metr)
yarim sharsimon yoki savr archa, yuqori qismida (2100-3200 metr) turkiston
archasi (o‘rik archa) o‘sadi. Qo‘riqxonada sudralib yuruvchi hayvonlarning 6
turi, parrandalarning 63 va sutemizuvchilarning 18 turi mavjud.
Sutemizuvchilardan oq tirnoqli ayiq, to‘ng‘iz, silovsin, bo‘ri, tog‘ echkisi,
arhar (tog‘ qo‘yi), jayra, quyon, kaklik, qirg‘iy, burgut, boltayutar, himolay
kurkasi, tog‘ qarg‘asi, qalqontumshuqilon, chiporilonlar yashaydi. Zomin
tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasida archazorlarning tabiiy holati va archa-o‘rmon
mintaqasiga xos tipik tabiiy geografik komplekslarni saqlash, ularni har
tomonlama tadqiq etish, tabiiy boyliklar sifatini yaxshilash, ularni
ko‘paytirish, shuningdek archa biologiyasini o‘rganish, archazorlarni
kengaytirish, hayvonot dunyosini saqlash va tiklash bo‘yicha ko‘pgina ishlar
amalga oshirilmoqda. Qo‘riqxona har yili o‘rmon xo‘jaligiga 1,5 tonnadan
ko‘proq qimmatli archa urug‘ini yetkazib bermoqda.
Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi Chotqol tizmasining janubi-g‘arbiy qismida dengiz
sathidan 1000-3200 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, maydoni 47,5 ming gektar
yerni tashkil qiladi. Qo‘riqxona hududida quruq dashtdan tashqari mevali
o‘rmonlar, archazorlar, alp o‘tloqlari kabi landshaft mintaqalari mavjuddir. Bu
yerda 600 dan ortiq o‘t, 40 ga yaqin daraxt va buta o‘simlik turlari uchraydi.
Qo‘riqxona hududining 40 protsenti archazorlardan iborat. Shuningdek, bu yerda
pista, Kavkaz shamshodi, zirk, irg‘ay va boshqa noyob buta va daraxtlar ko‘p
uchraydi. Qo‘riqxonada sudraluvchilarning 23 turi yashaydi. Yirtqichlardan
savsar, oq suvsar, bo‘rsiq, ayiq, bo‘ri va boshqalar uchraydi. Qo‘riqxonaga
1953 yilda yelik bug‘usi (kosulya) olib kelingan edi. Hozir yelik tobora
ko‘payib bormoqda. Qo‘riqxonaning toshli va qoyali landshaftlarida kiyik
yashaydi. Kiyiklarning soni bir necha yuz boshdan ortiq.
Chotqol qo‘riqxonasining eng qimmatli hayvonlaridan
biri relikt jonivor – menzbir sug‘uridir. Shuni aytish kerakki, sug‘urning 14
turi mavjud bo‘lib, shundan oltitasi mamlakatimiz hududida yashaydi. Menzbir
sug‘uri yer sharining boshqa biror qismida uchramaydi. Tanasining uzunligi
yarim metr, vazni esa 4 kilogramm atrofida bo‘lib, 4 oy mobaynida bir yarim
kilogrammgacha yog‘ to‘playdiki, bu yog‘ uyqudagi karaxtlik davrida bemalol
yetadi. Menzbir sug‘uri xalqaro «Qizil kitob» va O‘zbekiston «Qizil kitob»iga
kiritilgan. Hozirgi vaqtda bu nodir jonivorning yashash sharoiti keng
o‘rganilmoqda. Chotqol tog‘-o‘rmon qo‘riqxonasi tog‘li o‘lkalarni xo‘jalik
jihatdan o‘zlashtirish yo‘llarini ishlab chiqmoqda. Qo‘riqxona hududida ilmiy
bazalar ishlab turibdi va olimlar ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar.
Qorako‘l qo‘riqxonasi Buxoro viloyatining Qorako‘l rayoni hududida qumli maydonlarda 180-200
metr absolyut balandliklarda joylashgan. Qo‘riqxonadan kengligi 30-40 metr
bo‘lgan Amu-Qorako‘l va Amu-Buxoro kanallari o‘tadi. Kanallar trassasi
massividagi qadimgi jarliklar va pastqam uchastkalar kanal suvi bilan to‘lib,
qator ko‘llar hosil qilgan (2000 gektar). Bular ko‘plab baliq va qushlarning
oromgohiga aylangan. Qo‘riqxonaning vohaga chegaradosh bo‘lganligi va uning
hududidan kanallar oqib o‘tganligi uchun qo‘riqxonaning tuproq va o‘simliklari
kuchli o‘zgargan va o‘ziga xos faunaga ega. Bu yerda 200 ga yaqin oliy o‘simlik
turlari uchraydi, shundan 30 tasi daraxt va butalardir. Kanal yoqasi va ko‘llar
atrofidagi to‘qayzorlarda asosan jiyda, turang‘i, tol, qamish va boshqa
o‘simliklar keng tarqalgan. Qo‘riqxonaning qumliklarida asosan qora saksovul,
qandimning 6 turi, singrenning 3 turi, cherkez, iloq va boshqa o‘simliklar
tarqalgan. Qo‘riqxonaning tabiiy sharoiti rang-barang bo‘lganligi uchun
hayvonot dunyosi ham xilma-xildir. Qo‘riqxonaning kanal va ko‘llarida
baliqlarning 32 turi uchraydi. Qo‘riqxonaning qumli qismida sudralib
yuruvchilardan cho‘l toshbaqasi, kaltakesak, echkiemar, bo‘g‘mailon, o‘qilon,
charxilon va boshqalar yashaydi. Qo‘riqxonada sutemizuvchilarning 30 dan ortiq
turi bor. Ular orasida bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki, qum mushugi va qum quyoni,
ingichka barmoqli yumronqoziq, har turli qum sichqonlari uchraydi.
To‘qayzorlarda yovvoyi cho‘chqa ko‘p. Qo‘riqxonada parrandalarning 170 dan
ortiq turi mavjud. Shundan noyob turlari 20 taga yetadi. Qo‘riqxonada Zarafshon
qirg‘ovuli deb atalgan kenja tur mavjud. Qo‘riqxona xodimlari oldiga tabiiy
boyliklar bilan birga, Zarafshon qirg‘ovulini qo‘riqlash va ko‘paytirish
vazifasi qo‘yilgan. Qorako‘l qo‘riqxonasi O‘rta Osiyoda cho‘l qo‘riqxonalari
orasida voha bilan chegaradosh yagona tabiat laboratoriyasi bo‘lib, uning landshafti
ko‘llar, kanallar, qamish-to‘qayzorlar, sho‘rxokliklar va saksovul bilan
qoplangan qumliklardir. Qo‘riqxonada ana shu voha va cho‘l tabiiy komplekslari
muhofaza qilinadi, shuningdek, kanallar o‘tkazib, cho‘l o‘simlik va hayvonot
dunyosining o‘zgarishi o‘rganiladi.
Qizilqum qo‘riqxonasi Buxoro viloyatining Romiton tumani hududida, Amudaryo qayirida
joylashgan qayir-cho‘l qo‘riqxonasi hisoblanadi. Hududining katta qismi (3100
ga) daryo bo‘yidagi to‘qaylarni va kichik qismi (800 ga) Qizilqum massivini o‘z
ichiga olgan. Qayir o‘simliklari o‘tish qiyin bo‘lgan qalin to‘qayzorni hosil
qilib, boy floraga ega. Bu yerda 150 o‘simlik turlari o‘sadi. To‘qayzorlarni
ko‘proq daraxt-butazor o‘simliklari (turang‘i, jiyda, tol, lomonos, yulg‘un va
boshqalar) egallaydi. Bundan tashqari, bu yerda har xil o‘tlar, qamish,
lo‘xgullilar, ro‘vak, ajriq va boshqalar o‘sadi. Qo‘riqxonaning qumli cho‘l
qismi uchun qora va oq saksovul, cherkez, qandim va quyonsuyak harakterlidir.
Qo‘riqxonaning tabiiy sharoiti turli xil jonivor va qushlarning yashashiga
qulay imkon beradi. Sudralib yuruvchilardan cho‘l toshbaqasi, qizil quloq yoki
quloqli yumaloqbosh kaltakesak hamda bot-bot yoki yumaloq bosh va Seversov
gekkoni deb ataluvchi kaltakesaklar, suvilon, zaharli charxilon va boshqalar
uchraydi. Qo‘riqxona hududida qishlovchi, mavsumiy uya qo‘yuvchi, ayniqsa,
suvda suzuvchi qushlar ko‘p bo‘lib, ularning 82 turi mavjud. Shundan 29 turi
yilning to‘rt faslida ham shu yerda yashaydi. Yirtqich qushlardan burgut, qora
qirg‘iy, kuykanak (maymunqush), jig‘altoy va boshqalar uchraydi. Qo‘riqxonaning
eng chiroyli qushi Amudaryo qirg‘ovulidir. Hozir ularning soni 2 mingdan ortiq.
Qo‘riqxona qushlaridan qirg‘ovul va burgut alohida muhofaza qilinadi.
Sutemizuvchilardan ingichka barmoqli yumronqoziq,
malla yumronqoziq, qum sichqoni, qo‘shoyoq; yirtqichlardan chiyabo‘ri, tulki,
to‘qay mushugi va qum mushugi, bo‘ri uchraydi. Shuningdek, bu yerda 200 ga
yaqin yovvoyi cho‘chqa va buxor bug‘usi yashaydi. Qo‘riqxona tashkil qilingan
paytda hammasi bo‘lib 6 bosh buxor bug‘usi bor edi. Hozirgi vaqtda ularning
soni yuzdan oshib ketdi. Buxor bug‘usi alohida muhofaza qilinadi, qish faslida
qo‘shimcha oziqlantiriladi. Qo‘riqxonaning qumli uchastkasida ba’zan jayron
ko‘rinib qoladi. Shunday qilib, Qizilqum qo‘riqxonasi kamdan-kam uchraydigan
original, tabiiy laboratoriyadir. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi inson qo‘li
tegmagan landshaftlar, Amudaryo to‘qaylari va tutashib turgan cho‘l
landshaftlarining o‘rganish va saqlash, shuningdek, buxor bug‘usi, jayron va
Amudaryo qirg‘ovuli ekologiyasini o‘rganish va muhofaza qilish usullarini
ishlab chiqishdan iborat.
Bodayto‘qay qo‘riqxonasi Qoraqalpog‘istonning Beruniy rayoni hududida,
Amudaryo qayirida joylashgan. Bodayto‘qay to‘qay o‘simliklari bilan qoplangan
orol va yarimorolllarni ishg‘ol qilgan noyob tabiatli qo‘riqxonadir.
Qo‘riqxonada o‘simlik va hayvon turlari ko‘p. Bu yerda buta, turang‘i, yulg‘un
va qiyoqzorlar mavjud. Qo‘riqxonada yovvoyi cho‘chqa, bo‘rsiq, quyon, xiva
qirg‘ovuli, olachipor qizilishton va boshqa hayvon hamda qushlar yashaydi.
Qo‘riqxonadagi aralash to‘qaylar va ularning tabiiy tarkibi faqat shu joylarga
xos bo‘lib Respublikaning boshqa joylarida uchramaydi. Qirg‘ovulning Xiva kenja
turi, Eron sarsabili, chirmovuqning uch turi faqat shu yerda mavjud.
Qo‘riqxonada bir vaqtlar Sobiq SSSR Meditsina fanlari akademiyasi Virusologiya
institutining ilmiy xodimlari xalqaro dastur bo‘yicha ilmiy ish olib borgan
edilar. Bodayto‘qay qo‘riqxonasining asosiy vazifasi Amudaryo qayiridagi tabiiy
komplekslarni o‘rganishdir.
Nurota qo‘riqxonasi Nurota tizmasi yonbag‘irlarida 1975 yilda tashkil qilingan bo‘lib,
uning maydoni 40 ming gektardan iborat. Qo‘riqxonada «Qizil kitob»ga kirgan
arharlar bilan tog‘ qo‘yi, shuningdek, yovvoyi cho‘chqa, suvsar, «Qizil
kitob»ga kiritish mo‘ljallanayotgan mitti shunqor va boshqa hayvonlar muhofaza
qilinadi. Olimlarning fikriga ko‘ra, 2,5 ming bosh saqlanib qolgan Seversov
yovvoyi qo‘yi mahalliy sharoitga moslashgan yangi qo‘y zotlarini yetishtirish
uchun muhim ob’ekt bo‘lishi mumkin. Nurota qo‘riqxonasining asosiy vazifasi
tog‘-dasht landshaft mintaqalarini, ayniqsa, Seversov qo‘yi ekologiyasini
o‘rganish va muhofaza qilish metodlarini ishlab chiqishdan iborat.
Zarafshon qo‘riqxonasi Samarqand shahrining shimoli-sharq qismidagi suv ayirg‘ichdan sharq
tomonda, Zarafshon daryosining qayirida tashkil qilingan. U ilgari Zarafshon
zakaznigi deb atalar edi. Qo‘riqxonaning o‘simlik va hayvonot dunyosi
xilma-xildir. Qayir to‘qaylarida 140 dan ortiq o‘simlik turi o‘sadi. Bu yerda
keng tarqalgan parranda Zarafshon qirg‘ovulidir. Qo‘riqxonada chiyabo‘ri,
tulki, bo‘rsiq, to‘qay mushugi va boshqa hayvonlar uchraydi. Qo‘riqxonaning
asosiy vazifasi qayir-to‘qay tabiiy komplekslarini saqlash hamda qirg‘ovulni
muhofaza qilish va ko‘paytirishdir. Hozirgi vaqtda qo‘riqxonada asalarichilik
rivojlanmoqda.
Qizilsuv qo‘riqxonasi Qashqadaryo oblastida Yakkabog‘ tizmasining archazorlar bilan qoplangan
yon-bag‘irlarida tashkil etildi. Uning 20 ming gektarli maydonida ayiq, qoplon,
tog‘ echkisi (kiyik) muhofaza qilinadi. Qo‘riqxonada, asosan, tog‘ o‘rmon
mintaqasi (archazor) va uning hayvonlari muhofaza qilinadi.
Miroqi qo‘riqxonasi Hisor tizmasining shimoliy yon-bag‘irda, Oqsuv daryosi va uning
irmoqlari havzasida joylashgan bo‘lib, tog‘, dasht, o‘rmon va subalp mintaqalarini
qamrab olgan. Qo‘riqxona va uning landshaftlari juda xilma-xildir. Qo‘riqxona
o‘ziga xos o‘simlik va hayvonlarga juda boy bo‘lib, ularning tarqalishi
balandlik mintaqalari qonuniyatiga buysunadi. Qo‘riqxonada Tyanshan tulkisi,
ayiq, Farg‘ona bo‘rsig‘i, bars (ilvirs), silovsin kabi hayvonlar muhofaza
qilinadi. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi balandlik mintaqalarining tabiiy
komplekslarini o‘rganish va muhofaza qilishdir.
Vardanzi qo‘riqxonasi qadimgi Vardanzi shahri o‘rnida tabiiy va tarixiy komplekslarni
muhofaza qilish uchun tashkil etilgan. 20-yillarning oxirida bu shaharni qum
bosgan edi. 30-yillarda bu yerga saksovul ekilgan. Keyinchalik saksovullar shu
qadar o‘sib ketdiki, ular bugungi kunda butun bir o‘rmonni tashkil qiladi.
Saksovul o‘rmoni bu yer uchun harakterli bo‘lgan qumli cho‘l tabiiy
kompleksining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Ayni vaqtda bu qo‘riqxonada
tarixiy yodgorliklar muhofaza qilinadi. Qo‘riqxonaning asosiy vazifasi
VIII-XVIII asrlar tarixiy yodgorligi – qum bosib qolgan Vardanzi shahrini
saqlashdir.
Kitob geologik
qo‘riqxonasi. Kitob
geologik qo‘riqxonasi o‘z mavqei bo‘yicha o‘ta ahamiyatli bo‘lib, u avvalo,
tabiatning nodir tarixiy mahsulotlarini muhofaza qilish uchun yaratildi. Ya’ni,
kitob geologik qo‘riqxonasi Yerning geologik tarixini himoya qiluvchi,
tabiiy-ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan paleontologik stratigrafik qatlamlarni
muhofaza etish va rejali o‘rganish uchun tashkil etildi. Bu qo‘riqxona
takrorlanmas ajoyib noyob xususiyatlarni o‘zida saqlab Xalqaro (olamshumul) ahamiyatga
ega bo‘lganligi uchun biroz to‘xtab o‘tamiz va N.Axmedov va boshqalar (1977)
ma’lumotlari bo‘yicha tasvirlaymiz. Qo‘riqxona Qashqadaryo viloyatining g‘arbiy
chekkasida Kitob tumani hududida Zarafshon tizmasining janubi-g‘arbiy
yon-bag‘irda Jinni daryosi vodisida joylashib, Yer sharining tabiiy-ilmiy
yodgorliklari bo‘lgan palentologik metologik va stratigrafik etaloni bo‘lgan
yodgorliklarni muhofaza qiladi va Xalqaro reja asosida ular ustidan ilmiy
tekshirish ishlari olib boradi. Kitob qo‘riqxonasini tashkil etishning tarixi
qiziqdir. 1978 yilning yozida 13 davlatdan kelgan muttaxasis olimlar hozirgi
qo‘riqxona hududidagi Xo‘jaqo‘rg‘on soyi bo‘yida joylashgan geologik
qatlamlardagi paleontologik qoldiqlarni o‘rganadilar. Unga qadar O‘zbekistonlik
hamkasblari paleozoy erasi quyi va o‘rta devon davri yotqiziqlari ichida
uchrovchi nodir toshga aylangan organizmlar qoldiqlari to‘g‘risidagi
ma’lumotlarni ularga taqdim etgan edilar. Bu qatlamlarni o‘rgangan xalqaro
guruh toshlarda muhr kabi qotgan paleontologik qoldiqlarning haqiqatdan nodir
ekanligini e’tirof etib, ularning davlat muhofazasiga olishni taklif etishdi.
1979 yildan ushbu noyob hudud Kitob geologik qo‘riqxonasi deb e’lon qilindi va
o‘sha vaqtdan buyon bu joyda keng ko‘lamda geologo-biologik ilmiy-tekshirish
ishlari olib borilmoqda. Shu vaqt ichida qo‘riqxona maydonidagi o‘rta, quyi
Ordovik, erta va kechki Silur, erta va o‘rta Devon davlari qatlamlarida 16
guruhdan ortiq toshga aylangan organizmlar qoldiqlari aniqlandi. 1989 yilning
15 iyulida Amerikalik mutaxassis olim V.Olivers boshliq olimlar guruhi
O‘zbekistondan kelgan materiallarni o‘rganib chiqib, «O‘zbekistondagi Zarafshon
tog‘li oblasti, Zilzilbon kesimi», xalqaro etalon bo‘ladi degan qarorga keladi.
Shunday qilib, sobiq SSSR tarixida birinchi bor Kitob geologik qo‘riqxonasi
xalqaro etalonga aylanadi. Kitob geologik qo‘riqxonasi sobiq SSSR
hududida yagona tashkil etilgan geologik qo‘riqxona bo‘lib, unda Paleozoy
eroziyasining quyi Ordovik davridan, yuqori Devon davrigacha o‘tgan vaqt oralig‘idagi
qatlamlar uzluksiz yer yuzasiga chiqib yotadi, ular ichida o‘sha davrda
yashagan hayvon va o‘simliklarning tosh qotgan qoldiqlari ko‘plab uchraydi. Bu
toshga aylangan qoldiqlar yuz million yillab uzoq tarixdan so‘ylovchi muhim
geologik omil hisoblanadi. Zarafshon tog‘larining janubiy-g‘arbiy yonbag‘rida
Jinnidaryo vodiysi bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilsangiz, uning chap irmog‘i
Xo‘jaqo‘rg‘on soyi bo‘yicha ilgarilab yursangiz, oldingizdan ulug‘vor 2061 metr
balandlikdagi Bursi Xirmon cho‘qqisi bo‘y cho‘zib turadi. Cho‘qqining ikki
yonida Zilzilbon va Xo‘jaqo‘rg‘on soylari joylashgan bo‘lib, ular asosan
Paleozoy davri yotqiziqlaridan tashkil topgan.
Qatlamlarni o‘rgangan muttaxasis geolog va palentolog
olimlar ularni o‘rganar ekan, go‘yoki ko‘hna kitobni o‘qigan tarixchi kabi tosh
qotgan tarix varaqalarini o‘qib, o‘sha joyda million yillar oldin o‘tgan
hayvonlar tuzilishini, ular tushgan qatlam yoshini va bu qatlamlar paydo
bo‘lgan davrdagi tabiiy geologik sharoitni o‘qib beradilar. Qo‘riqxona hududida
joylashgan 13 tabiiy yalang‘ochlanib, ichidagi qatlamlari ko‘rinib turgan
yon-bag‘irlarni o‘rganish natijasida olimlar asta-sekin sobitqadamlik bilan
qo‘riqxona joylashgan joyning geologik tarixini o‘qib olish imkoniyatiga ega
bo‘ladilar. Qo‘riqxona hududidagi soylarning yon-bag‘irlaridagi 13 ta
yalang‘ochlangan joylarda massiv ohaktoshlar, dolomitlar bag‘rida saqlanib
qolgan va har qaysisi o‘z uyasida o‘tirgan qushlar singari o‘z davri asridagi
qatlamlarda saqlanib qolgan, toshqotgan va o‘tgan davrda yashagan hayvon hamda
o‘simliklar qoldiqlari asosida yaratilgan. Kitob qo‘riqxonasining o‘ziga
xosligi shundan iboratki, unda soylar yon-bag‘irlarida o‘tgan davrlarda
yashagan hayvon va o‘simliklar qoldiqlari to‘liq saqlanib qolgan va ular
asosida ushbu maydon paleografik tarixini o‘rganish imkoniyatini beradi. Bu
noyob qo‘riqxona o‘simlik va hayvon turlariga ham boy bo‘lib, xilma-xil tirik
organizmlarni o‘rganish va muhofaza qilish bilan biolog olimlar
shug‘ullanadilar. Kitob qo‘riqxonasi hududida 500 ortiq o‘simlik turlari
bo‘lib, shundan 12 tasi «Qizil kitob»ga kiritilgan. Qo‘riqxonada 200 ga yaqin
dorivor o‘simliklar o‘sadi, 30 ta manzarali o‘simlik turlari bor va 30 dan
ortiq o‘simlik dorivor sifatida foydalaniladi. Hayvonot dunyosi 155 turdan
iborat bo‘lib, shundan ko‘pchilik qismi noyob hisoblanadi va «Qizil kitob»da
qayd etilgan. Kitob qo‘riqxonasining hududi etnografik ahamiyatga ega bo‘lib,
bu yerdagi qishloqda ikki qadimiy qo‘rg‘on izlari, ibtidoiy odamlar yashashi
uchun qulay bo‘lgan g‘orlar mavjud. Shunday qilib, Kitob qo‘riqxonasida xalqaro
etalon deb qabul qilingan noyob geologik maydonlar, shu bilan birga biologik va
tarixiy-arxeologik qo‘riqlash bilan birga katta ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan
biologik va tarixiy-arxeologik boyliklar ham muhofaza qilinadi (Axmedov va
boshqalar, 1977).
Biosfera qo‘riqxonalari. Inson
xo‘jalik faoliyatining ta’siri natijasida hosil bo‘lgan lokal (mahalliy) va
global (sayyoraviy) hodisalarni to‘g‘ri tushunish va baholash uchun bu
jarayonlarni o‘rganish zarur. Atrof-muhitning holatini kuzatish formalaridan
biri xalqaro miqyosda biosfera qo‘riqxonalari asosida monitoring (kontrollik)
xizmatining global tizimlarini yaratishdir. Biosfera qo‘riqxonalari
biosferaning global umumiy holati (foni) va uning inson faoliyati ta’sirida o‘zgarishining
an’analari haqida axborotlar manbai bo‘lishi kerak. Keyingi yillarda
YUNESKOning tashabbusi bilan dunyo biosfera qo‘riqxonalari tashkil qilindi. Bu
qo‘riqxornalarda - tabiiy ekosistemalarda hayvon va o‘simlik organizmlarining
har xil turlarini saqlash, ekologik monitoring bo‘yicha kompleks
biogeotsenologik (kompleks landshaft) tekshirishlar olib borish,
ekosistemalarga har xil tipdagi xo‘jaliklar (o‘rmonlar barpo qilish, yerlarni
o‘zlashtirish, yaylov chorvachiligi, rekreatsion foydalanish va boshqalar)
ta’sirining harakteri va darajasini aniqlash ko‘zda tutiladi. Biosfera
qo‘riqxonalari tabiiy ekosistemalarda o‘simlik va hayvonot dunyosining biotik
komplekslari, turlarining genetik jihatdan turliligini saqlash maqsadida
tashkil qilinadi. Biosfera qo‘riqxonalari uchun hudud tanlanganda, birinchi
navbatda, landshaftlarning tipiklik va reprezentativlik usuliga amal qilinadi.
O‘rta Osiyoda Repetek, Sarichelak va Chotqol biosfera qo‘riqxonalari tashkil
qilingan.
3. Milliy bog‘lar va buyurtmalar
Buyurtmalar (zakazniklar) tabiatni muhofaza qilish tadbirlaridan biri sifatida
juda qadimdan ma’lum. Buyurtmalarda larda tabiiy-geografik komplekslar,
komponentlarning ayrim qismlari, ayrim hayvon yoki o‘simlik turlari muhofaza
qilinib, unda qator tabiiy boyliklardan xo‘jalikda foydalanishga ruxsat
beriladi. Qo‘riqxonalardan farq qilgan holda buyurtma maydonlari yer yoki
o‘rmon fondidan ajratib olinmaydi. Buyurtmalar doimiy va vaqtincha bo‘ladi.
Vaqtincha buyurtmalar ko‘pincha ovchilik xo‘jaliklarida ov qilinadigan hayvon
va qushlarning sonini tiklash va ko‘paytirish maqsadida ma’lum muddatga tashkil
qilinadi. Muhofaza qilinayotgan turlarning o‘rtacha soni tiklangandan keyin
cheklov bekor qilinadi va buyurtma yana ov qilinadigan joyga aylanadi. Keyingi
yillarda botanik, zoologik, geologik, ixtiologik, ornitologik va boshqa xil
buyurtmalar tashkil qilinmoqda. O‘zbekistonda umumiy maydoni 197 ming gektarli
8 ta zakaznik bo‘lib, ularda Respublikamizning hayvonot va o‘simliklar dunyosi
muhofaza qilinadi va tiklanadi.
To‘dako‘l cho‘l-ko‘l davlat zakaznigi 1960 yilda Buxoro viloyatining cho‘l qismida, 1952
yilda sho‘rxok To‘dako‘l botig‘iga Zarafshon daryosining toshishi natijasida
hosil bo‘lgan ko‘l asosida tashkil etildi. Uning maydoni 30000 gektar. Ko‘l
atrofidagi sho‘rxok cho‘lda turli xil cho‘l o‘simliklari bilan birga qamish,
yulg‘un o‘sadi. Buyurtmada o‘rdaklar, oqqushlar, saqoqushlar, kulrang g‘ozlar,
shuningdk, quyonlar, qamish mushugi, jayronlar muhofaza qilinadi.
Ko‘hitang tog‘-o‘rmon davlat zakaznigi Surxondaryo viloyati Hisor tizmasining janubi-sharqiy
yon-bag‘irlarida, Ko‘lsoy, Sariqamish, Mochayli daralarida 1970 yilda tashkil
etilgan. Buyurtmaning maydoni 43500 gektar. Bu zakaznikda burama shoxli echki
(morxo‘r), tojik tog‘ qo‘yi (urial), burgut, shuningdek, arxeologik
yodgorliklar – tosh davridagi ovchilarning rasmi solingan tasvirlar muhofaza
qilinadi.
Nurumtubek to‘qay davlat zakaznigi 1971 yilda Qoraqalpog‘iston hududida, Amudaryoning
qo‘yi qismida tashkil etilgan. Buyurtmaning maydoni 29 ming gektar bo‘lib,
yovvoyi cho‘chqa, bo‘rsiq, tolay quyon, xiva qirg‘ovuli muhofaza qilinadi.
Oqbuloq tog‘ davlat zakaznigi Toshkent viloyati hududining Chotqol tizmasida
joylashgan bo‘lib, Oqbuloqsoy havzasidagi hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish
maqsadida 1973 yilda tashkil etilgan. Uning maydoni 11 ming gektarni tashkil
qiladi. Bu yerda yovvoyi cho‘chqa, yelik, Markaziy Osiyo echkisi, oq tirnoqli
ayiq, Farg‘ona oq suvsari, suvsar, Farg‘ona bo‘rsig‘i, Turkiston silovsini,
bars, ilvirs, menzbir sug‘uri va qizil sug‘ur, kaklik, burgut, tasqaralar
muhofaza qilinadi.
Dengizko‘l cho‘l-ko‘l davlat zakaznigi 1974 yilda Qizilqumning janubida Buxoro viloyatida
tashkil etilgan. Uning maydoni 25 ming gektar. Buyurtmaning asosiy qismi
hisoblangan Dengizko‘lda mavsumiy va qishlovchi qushlar (o‘rdaklar, g‘ozlar,
loyxo‘rak, baklanlar, qizilg‘oz) va ko‘lga suv ichish uchun keladigan hayvonlar
(cho‘chqa, jayralar, sassiq ko‘zan, quyonlar, tolay quyon, tuvaloq,
qorabovurlar) muhofaza qilinadi.
Amudaryo qayir davlat zakaznigi qayirda uya qo‘yuvchi va mavsumiy suv parrandalarini
muhofaza qilish maqsadida 1974 yilda Qoraqalpog‘iston hududida tashkil etilgan.
Uning maydoni 60 ming gektarni tashkil qiladi.
Shabboz to‘qay zakaznigi Amudaryoning chap sohilidagi (Xorazm vohasi) yovvoyi
cho‘chqa, chiyabo‘ri, qum bo‘rsig‘i, qamish mushugi, qum quyoni, Xiva
qirg‘ovulini himoya qilish hamda Shabboz massividagi to‘qaylarda yashagan
xongul bug‘usi va yeliklarni tiklash maqsadida 1974 yilda tashkil etilgan.
Uning maydoni 3800 gektarni tashkil qiladi.
Xorazm cho‘l davlat zakaznigi Xorazm vohasining g‘arbiy chekkasida 1976 yilda
tashkil etilgan. Uning maydoni 11300 gektar, shundan 3500 gektari ko‘llardir
(Eshonravotko‘l, Buriyatko‘l, Ulushurko‘l, Kumushkon va boshqalar). Buyurtma
suv havzalariga va qumli cho‘larga xos hayvonlarni tiklash va muhofaza qilish
maqsadida barpo qilingan.
Arnasoy cho‘l-ko‘l zakaznigi Shimoliy Nurota tizmasining shimoliy etaklaridagi
Aydar, Tuzkon, Arnasoyga 1969 yildagi suv toshqini vaqtida Sirdaryo havzasidan
Chordara suv ombori va Mirzacho‘ldan kollektor-drenaj suvining kelib
qo‘shilishi natijasida uzunligi 160 kilometr va eng serbar joyi 30 kilometrga
yetadigan katta ko‘l – Arnasoy ko‘li hosil bo‘lgan edi. 1977 yili Jizzax
shahridan 60 kilometr shimolda maydoni 63 ming gektar bo‘lgan Arnasoy ko‘li
qo‘riqxonasi tashkil etilgan edi. Qo‘riqxonada sho‘rxoklar, botqoqliklar,
lyossli tekisliklar uchraydi. Tuzkon ko‘li ham qo‘riqxona tarkibiga kiradi.
Qo‘riqxonaning lyossli, tekislik qismida cho‘l uchun xos bo‘lgan efemer
o‘simliklar (lolaqizg‘aldoq, qiyoq, qo‘ng‘irbosh va boshqalar), juzg‘un o‘sadi.
Qamish va butazorlarda ondatra, yovvoyi cho‘chqa, bo‘ri, bo‘rsiq, to‘qay
mushugi va boshqa hayvonlar yashaydi. Qo‘riqxona akvatoriyasida qishda va
bahorda o‘rdak, g‘oz, oqqush, qorabuzov, qirg‘ovul va boshqalar to‘planadi.
Shuningdek, bu yerda sazan, laqqabaliq, mo‘ylovbaliq, oqqayroq, qizilqanot va
boshqalar urchitiladi. 1987 yil Arnasoy qo‘riqxonasi, ornitologik buyurtmaga
(zakaznikka) aylantirildi. Arnasoy zakaznigining asosiy vazifasi cho‘l va
sun’iy hosil bo‘lgan akvatoriyada yashovchi va qishlovchi qushlarni o‘rganish
va muhofaza qilishdan iborat.
Tabiat
yodgorliklari. Ba’zan
ilmiy, madaniy va tarixiy jihatdan qimmatli tabiiy ob’ektlarni muhofaza qilish
uchun katta maydonlarni ishg‘ol qilmagan qimmatli tabiiy ob’ektlar «tabiat
yodgorliklari» deb e’lon qilinadi va jiddiy muhofaza ostiga olinadi. Tabiat
yodgorliklari tabiatning o‘tmishi va unda sodir bo‘layotgan jarayonlar haqida
ma’lum darajada aniq guvohlik beradi. Masalan, valunalar-muzlik qoldiqlari,
«qo‘y peshonalari» - muzliklarning qoyalarga ishqalanishi, jimjimador qoyalar –
tog‘ jinslari nurashining guvohi. Tabiat yodgorliklariga sharsharalar,
geyzerlar, g‘orlar, relefning ajoyib shakllari, geologik ochilib qolgan joylar,
ayrim daraxt, tarixiy obidalar va boshqa ob’ektlar kiritiladi. Tabiat
yodgorliklarining ko‘zga yaqqol tashlanb turadigan xo‘jalik ahamiyati
bo‘lmasligi mumkin, lekin ularning ilmiy, tarixiy, madaniy-estetik ahamiyati
ko‘pincha juda katta bo‘ladi. Shuning uchun ularni muhofaza qilish zarur.
Umumiy xususiyatiga qarab tabiat yodgorliklari geologik-geomorfologik, botanik,
paleontologik, astronomik va landshaft yodgorliklariga bo‘linadi.
G ye o l o g i k – g ye o m o r f o l o g i k yodgorliklarga ochilib qolgan tog‘ jinslari
qatlamlari, g‘orlar, karst relefi shakllari, so‘ngan vulqon kraterlari,
geyzerlar, diqqatga sazovor qirg‘oqlar, qo‘y peshonalar, noyob relef shakllari,
qoyalar va boshqalarni kiritish mumkin. Masalan, Zomin tog‘laridagi afsonaviy
«Qirq qiz» va boshqalar bunday ob’ektlarga yaqqol misol bo‘ladi (3-rasm). O‘rta
Osiyoda 1500 dan ortiq g‘orni tabiat yodgorligi sifatida muhofazaga olish
mumkin.
B o t a n i k yodgorliklarga yo‘qolib ketayotgan relikt o‘simliklar o‘sadigan
uchastkalar, dashtlardagi o‘rmon massivlari yoki o‘rmonlar orasidagi dasht
uchastkalar, alohida saqlanib qolgan keksa daraxtlar va boshqalar kiritiladi.
Respublikamizda bunday ob’ektlarga Sayrobdagi 700-1000 yoshli chinorni,
Urgutdagi, Boysundagi Chorchinorlarni va boshqalarni kiritish mumkin.
P a l ye o n t o l o g i k yodgorliklarga toshga aylanib ketgan va izlari saqlanib qolgan o‘simlik
qoldiqlari ochilib qolgan joylar hamda qirilib ketgan hayvonlar qoldig‘i, izi
uchraydigan uchastkalar misol bo‘la oladi. Tabiat yodgorliklari tabiatni muhofaza
qiluvchi tashkilotlar tomonidan hisobga olinishi va kartaga tushirilishi kerak.
Ularning ilmiy va estetik ahamiyatini baholash asosida muhofaza qilish darajasi
aniqlanadi (mahalliy, viloyat, respublika, xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan
tabiat yodgorliklari).
Milliy
(tabiiy) bog‘lar chet ellarda hududlarni muhofaza qilishning asosiy shaklidir. «Milliy»
so‘zi mazkur hududning xususiy mulk emas, balki butun millatga qarashli
ekanligini bildiradi va muhofaza tadbirlari davlat tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirgi vaqtda tabiatni muhofaza qilishdagi eng muhim vazifa tabiiy
boyliklardan foydalanishda ularni muhofaza qilishni ishlab chiqarish bilan
birga qo‘shib olib borishni ta’minlash hamda insonning tabiatga ta’sir etishini
barqarorlashtirishdan iborat. Tabiatni muhofaza qilish deganda
tabiiy-boyliklardan unumli foydalanishda ularni ishlab chiqarish, tabiiy
muhitni hozirgi yashayotgan va kelajak avlodlarning moddiy va ma’naviy
talablarini qondirishga qaratilgan davlat, xalqaro va jamoatchilik tomonidan
amalga oshirilgan ilmiy asoslangan tadbirlar tuzilmasi tushuniladi. Tabiatni
muhofaza qilishning asosiy yo‘llardan biri – milliy (tabiiy) bog‘lardir.
«Milliy» so‘zi uchastkaning ayrim kishisiga emas, balki davlatga qarashli
ekanligini bildiradi. Milliy park termini XIX asrning ikkinchi yarmida alohida
muhofaza qilinadigan hududlar vujudga kelgan vaqtda paydo bo‘ldi. Milliy
bog‘larda inson tomonidan kam o‘zgartirilgan fauna va floraga boy bo‘lgan
xushmanzara landshaftlar muhofaza qilinadi.
Milliy bog‘larda dam oluvchilarga turli xil xizmatlar
ko‘rsatiladi, bu esa, muhofaza qilinadigan hududlarning moliyaviy
tejamkorligini ta’minlaydi. Sayyohlardan keladigan daromad qo‘riqlanadigan
hudud tabiiy boyliklaridan, sanoat va qishloq xo‘jaligida foydalanishdan
keladigan daromaddan ancha yuqori. Hududlardan maqsadli foydalanish G‘arb
mamlakatlariga ko‘proq daromad keltirmoqda. Tabiiy bog‘lar mamlakatimizda
odatdagi foydalanish o‘rniga uzoq muddatga aholining dam olishi maqsadida
ajratib qo‘yiladigan katta-katta hududlardir. Shu vazifaga muvofiq bog‘da butun
tabiat jiddiy muhofaza qilinadi va zarur hollarda uni tiklash va yaxshilash
choralari ko‘riladi. Tabiiy bog‘lar tabiatni diqqatga sazovor va landshaftlari
xilma-xil, kam o‘zlashtirilgan xushmanzara rayonlarda tashkil qilinadi. Ular
ilmiy, madaniy, estetik yoki tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan tabiiy
komplekslarning nodir ob’ektlari, landshaftlarini saqlash uchun tashkil
qilinib, tabiatni muhofaza qilishning maxsus rejimi bilan saqlanadi.
Tabiiy bog‘larning asosiy vazifasi xushmanzara
landshaftlarda aholining dam olish imkoniyatini ta’minlash bo‘lib, bunga
tabiatni kompleks muhofaza qilish asosidagina erishish mumkin. Bog‘larga dam
oluvchilarning borishi to‘g‘ri tashkil qilinganda ular katta maydonlardagi
tabiiy komplekslarni saqlash va tiklashni ta’minlaydi, bu jihatdan bog‘lar
qo‘riqxonalarga o‘xshab ketadi. Tabiiy bog‘lar atrofidagi ommaviy dam olish
uchun mo‘ljallangan istirohat zonalaridan farq qilib, ularga guruh bo‘lib yoki
individual borish reglament bo‘yicha ruxsat etiladi. Tabiiy bog‘lardan maqsadli
foydalanishda har bir aniq holat uchun, bog‘ning har bir uchastkasi uchun
oldindan mufassal izoh berib qo‘yiladi. Bog‘ hududi foydalanish va muhofaza
qilish rejimi turlicha bo‘lgan uchastkalarga – zonalar (qo‘riqxona, zakaznik,
tabiat yodgorliklari, dam olish zonasi va boshqalar)ga bo‘lib qo‘yiladi.
Shunday qilib, tabiiy bog‘larni tashkil qilishda bog‘ maydoni, tabiiy sharoiti
(relef, o‘simlik tiplari)ni hisobga olish zarur. Bu esa bog‘ tabiiy
landshaftlarini uzoq muddat saqlashga imkon beradi. Bog‘larni tashkil qilish
uchun joy tanlashda muhim shartlardan biri bog‘ning undan foydalanadigan aholi
turar joylariga yaqin bo‘lishidir. Bog‘ bilan aholi punkti o‘rtasida mustahkam
aloqa o‘rnatilishi kerak. O‘rta Osiyoda ham keyingi yillarda tabiiy (milliy)
bog‘lar tashkil qilinmoqda.
Qirg‘izistondagi Arslonbob milliy bog‘i 1976 yilda
Janubi-G‘arbiy Tyanshanda Babushotin tog‘ massivi yon-bag‘irda 1000 metrdan
4000 metrgacha va undan yuqori balandliklarda tashkil qilindi. Arslonbob Osiyo
qit’asida katta massivda yong‘oq o‘rmoni saqlangan yagona joydir. Milliy
bog‘ning maydoni 19 ming gektar. Qirg‘izistonda 1982 yilda Frunze shahridan
uncha uzoq bo‘lmagan joyda Olaarcha tabiiy bog‘i, Tojikistonda 1992 yilda O‘rta
Osiyoda maydoni jihatdan eng katta bo‘lgan «Tojikiston milliy bog‘i» tashkil
etildi. Qo‘yida O‘rta Osiyoning ayrim tabiiy bog‘lariga ta’rif beramiz.
Zomin xalq tabiiy bog‘i. Zomin xalq tabiiy bog‘i 1976 yil 3 sentyabrda 45590
gektar maydonda tashkil etilgan. Bog‘ Turkiston tog‘larining Shimoliy
yon-bag‘irda Sangzor va Zomin daryolari havzasida, xushmanzara va xilma-xil tik
landshaftlar poyasida dengiz sathidan 1000-4030 metr balandlikda joylashgan.
Noyob va tipik landshaftlar bilan birga, archa o‘rmonlari ekologik
sistemalarning bir butunligi, bu hududda inson tomonidan kam, mutlaqo
o‘zgarmagan tabiiy komplekslarning ko‘pligi xalq bog‘ini tashkil etishga asosiy
shart bo‘ldi. Bog‘ geologik jihatdan, asosan Paleozoy erasi (silur, devon,
karbon davrlar)ning cho‘kindi jinslaridan ohaktosh, kristall slanes va
qumtoshlaridan iborat. Devon davrining ohaktoshlaridan iborat bo‘lgan
hududlarda karst keng tarqalgan. Karst shakllari-karrlar, karst voronkalari,
Supa platosining chekkasi va Ko‘lsoy darasida keng tarqalgan. Paleogen,
ayniqsa, Neogen davrining yotqiziqlari qizg‘ish rangli gil, qumtosh va
konglomeratlar ko‘rinishda Ko‘lsoy va Qizilmozorsoy havzasining o‘rta qismida
keng tarqalib, relef turli shakllarini hosil qilgan. Zomin xalq bog‘ining
relefi tog‘li, har xil chuqurlikdagi katta-kichik soyliklar, nurash ta’sirida
paydo bo‘lgan o‘nqir-cho‘nqirlar va tog‘ yon-bag‘irlari tik bo‘lib, turli
tomonga yo‘nalgan suv ayirg‘ich – yon tizmalaridan iborat. Zomin tog‘i
(Turkiston tizmasi) markaziy suv ayirg‘ichining ikki yon tomoni – Janub va Shimol
tomonlariga tik tushgan; eng baland cho‘qqisi 4033 metr bo‘lib, g‘arb tomonga
pasayib boradi. G‘o‘ralash davonining balandligi 2750 metr.
Tabiiy Xalq bog‘ining iqlimi tipik tog‘ iqlimi bo‘lib,
qishi sovuq, yozi esa nisbatan salqin. Ko‘lsoy meterologik stansiyasining
ma’lumotiga ko‘ra, absolyut minimum – 320, absolyut maksimum +330.
eng yuqori harorat iyul va avgust, eng past harorat dekabr va yanvar oylarida
kuzatiladi, sovuqsiz davr o‘rgach 140 kun davom etadi. Ko‘p yillik o‘rtacha
yog‘in-sochin miqdori 450 mm
dan 700-800 mm
gacha. Bog‘da qish barqaror bo‘lib 5 oy davom etadi. Tog‘ning baland qismida
noyabr oyidan may-iyun oygacha qor saqlanadi. Bog‘ hududida uncha katta
bo‘lmagan daryolar – Sangzor (irmoqlari – G‘uralash, Qizilturi soy va
boshqalar) bor. Bu daryolar Turkiston tizmasining eng baland qismidan
boshlanadi. Sangzor daryosining ko‘p yillik o‘rtacha suv harajati sekundiga 4,9
m3/sek. Zomin xalq bog‘ining o‘simlik qoplami xilma-xil. O‘simlik
qoplamining quyidagicha uchta balandlik (vertikal) mintaqasi (balandlik
poyaslari) mavjud:
1.
O‘simlik qoplami har xil o‘tlar, betaga va bug‘doyiqdan iborat bo‘lgan tog‘
dasht mintaqasi (1300-2300m balandlikda);
2. O‘rmon
mintaqasi. Bu mintaqa dengiz sathidan 2000-2100 metrdan boshlanib,
2700-2800 metrgacha davom etadi. Bu yerda har xil o‘tlar va betagadan tashqari,
archa o‘sadi. Archa o‘rmonlari - Turkiston archasi (o‘rikarcha), yarim
sharsimon archa (sovurarcha) va Zarafshon archasi (qizilarcha) turlaridan
iborat. Archa o‘rmonlarining yoshi o‘rtacha 200 yil. O‘rmon mintaqasida archa
daraxtlaridan tashqari shilvi (uchqat), na’matak, irg‘iy, zirk va boshqa turli
xil butalar o‘sadi;
3. Baland
tog‘ (subalp) mintaqasi 2700-2800 metrdan boshlanib, bu yerda har xil
tikanli (tog‘li kserofit) o‘simliklaridan tashqari turli-tuman subalp o‘tlari
o‘sadi.
Zomin xalq bog‘ining hayvonot dunyosi turli-tumandir.
Bog‘ hududida va atroflarida sudralib yuruvchi hayvonlarning 6 turi,
parandalarning 63 ta va sutemizuvchilarning 18 turi mavjud. Bu yerda
sutemizuvchilardan – oq tirnoqli ayiq, to‘ng‘iz, silovsin, bo‘ri, tog‘ echkisi,
arhar (tog‘ echkisi), jayron va boshqalar; parandalardan – kaklik, qirg‘iy,
burgut, boltayutar, Himolay kurkasi; sudralib yuruvchilardan – qalqon
tumshiqilon, giparilonlar va boshqalar yashaydi. Zomin xalq bog‘i tabiiy,
ijtimoiy – iqtisodiy va rekreatsion xususiyatlarga ko‘ra, funksional zonalarga
ajratilgan yagona rejalashtirilgan tizimdan iborat. Bog‘ hududi quyidagi uchta
zonaga bo‘linib, bu funksional zonalar tog‘-o‘rmon mintaqasi, tuproq, suvni saqlash,
xo‘jalik va rekreatsion ahamiyatga ega bo‘lgan flora va faunasini saqlash
maqsadiga xizmat qiladi.
1) Qo‘riqlanadigan zonaga barcha tabiiy zonalarni o‘z ichiga olgan uchastkalar
(O‘rta Osiyo o‘rmonchilik ilmiy tadqiqot institutlarning Kulsoy tayanch punkti)
kirgan. Bu zonaga ilmiy xodimlardan boshqa hech kim qo‘yilmaydi. U yerda
tabiatni muhofaza qilishning qo‘riqxona rejimi o‘rnatilgan;
2) Rekreatsiya uchun chegaralangan zonada faqat turistik gruppalarga so‘qmoqlar ajratilib, bir
kunlik sayohatga borib kelishiga ruxsat etiladi. Bu zona qo‘riqxona uchun bufer
vazifasini bajaradi;
3) Intensiv
rekreatsiya zonasi bog‘ning asosiy transport magistrali hisoblangan
Zomin-Baxmal avtomobil yo‘lining ikki tomonida, dengiz sathidan 2000 metrdan
3000 metrgacha balandlikda joylashgan kompakt hududdir.
Bu zona tarkibiga rekreatsiya uchun eng qulay va
borish oson bo‘lgan noyob xushmanzara landshaftlar, archazorlar, tabiat
yodgorliklari va boshqa tabiiy ob’ektlar kiradi. Bu yerda rekratsiyaning hamma
turlari, shuningdek, dam oluvchilarni joylashtirish, ularga madaniy-maishiy,
tibbiy, transport xizmati ko‘rsatish boshqa xizmat turlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shuni aytish kerakki, Zominsoy va Sangzor daryosi havzalarida joylashgan bu
tabiiy bog‘, ayniqsa, uning Supa deb nomlanuvchi hududining landshaft
sharoitlari, dengiz sathidan 2200-2400 metr balandligi, tekis relefi, yer usti
tuzilishi, fitotsidlarga boy sof havosi, yumshoq iqlimi, chiroyli o‘rmon
manzaralari va boshqa o‘ziga xos xususiyatlari bilan tog‘ sporti markazini yaratish
va qishki sportning hamma turlarini rivojlantirish hamda tashkil etish uchun
juda qulaydir. Ko‘pgina mutaxassislarning fikricha, iqlim sharoiti, relefi jihatidan bu
joy Rossiya, Avstriya, Fransiya, Polsha, Chexiya, Ruminiya, Bolgariyadagi tog‘
sporti markazlaridan ancha yuqori turadi. Hozirgi vaqtda Zomin milliy bog‘ida
katta tashkiliy ishlar olib borilmoqda.
Tojikiston milliy bog‘i. Tojikiston milliy
bog‘i, Tojikiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1992 yil 20-iyuldagi
qarori asosida tashkil etilgan. Tojikiston Milliy bog‘ini tashkil etishning
maqsadga muvofiqligi shundan iboratki: noyob va xilma-xil landshaftlarni,
hayvonot va o‘simliklar dunyosini saqlash; tog‘li yerlarni xo‘jalik va
rekratsion o‘zlashtirishni tartibga solish; shu maydonda va shunga tutash
rayonlarda qulay ekologik balansni saqlab turish.
Tojikiston Milliy
bog‘i tabiatni bir butun muhofaza qilish hududi bo‘lib, o‘zining maydoni
bo‘yicha Markaziy Osiyoda tengi yo‘qdir. Maydoni 2,6 mln. gektar (Tojikiston
Respublikasining 18%) tashkil etib, tog‘ va juda baland tog‘lar ekosistemalari
(landshaftlari) spektrlariga ega, bog‘ hududi shu makroregion uchun harakterli
bo‘lgan hamma komplekslarni saqlash va barqaror rivojlantirishni ta’minlash
qobiliyatiga ega. O‘zining kelib chiqishi, geologik tuzilishi, joyning relefi
va iqlim ko‘rsatkichlari bo‘yicha milliy bog‘ hududiga uchta makro-region
kiradi. Pomir – bu, yuqori balandlikda joylashgan oblast bo‘lib, mutlaq
balandligi 3700-5000 m
joylashgan, berk cho‘kmali daryo vodiylari va balandligi 6000 metrga yetgan
tog‘ tizmalaridan iborat. Daryo vodiylarining kengligi 10-15 km yetib, ko‘pincha morena
yotqiziqlari bilan qoplangan. Bu yerda muzlik va o‘pirilma (qulab tushish)
natijasida kelib chiqqan juda chiroyli ko‘llar ko‘p. Ulardan eng kattasi
Qorako‘l (3914 m )
bo‘lib, maydoni 380 km2. Bu ko‘l, hozirgi vaqtda berk havza bo‘lgan
ulkan botiq tagida joylashib, suvi sho‘r-achchiq (taxir) taamga ega. Pomirda
keng bo‘ylab cho‘zilgan Oloyorti, Pshart, Janubiy va Shimoliy Alichur,
Bozar-Dara va boshqalar, shuningdek meridional joylashgan: Zulmurat, Muzko‘l va
Sariqol joylashgan. Bu yerda balandligi dengiz sathidan 5-6 ming m bo‘lgan
cho‘qqilar ko‘pdir. Badaxshon boshqacha manzaraga ega. U ko‘pincha tik kesib
tushgan yon-bag‘irlari tog‘ tizmalaridan (Vang, Yozgilam, Darvoz, Ravshan,
Shugian) baland ko‘tarilgan g‘arb tomon oquvchi chuqur va tor darali daryolar
bilan kesilgan. Balandlik farqi tebranish (amplitudasi) bu yerda 5000 m yetadi. Daryolari
ko‘pgina ostonalarga ega bo‘lib juda tez oqadi. Bu shubhasiz suv sayyohlari
uchun katta qiziqishga ega. Badaxshonning yuqori qismida, 3330 m balandlikda,
Pomirning gavhari (durdonasi) bo‘lgan Sarez ko‘li yotibdi. Bu ko‘l kuchli yer
qimirlash vaqtida tog‘ yon-bag‘irning qulab tushishi natijasida 1911 y hosil
bo‘lgan. Ko‘lning uzunligi 60
km , eng chuqur joyi 505 m bo‘lib, suv zahirasi 17
km3.
Tojik milliy
bog‘ining Shimoli-G‘arbiy mintaqasi, bu – Fanlar Akademiyasi, Belsulin,
Shimoliy Tonimas tizmalari bilan baland – tog‘ tugunidir. Bu yerda mamlakatdagi
eng baland cho‘qqilar joylashib, ular orasida eng balandi I.Somoni 7495 mm cho‘qqisidir.
Muzliklar bir necha yuz kvadrat kilometrlarni qoplab yotadi. Ular orasida
uzunligi 72 km
bo‘lgan Fedchenko muzligi ajralib turadi. Tojik Milliy bog‘ida 2000 turdan
ortiq o‘simliklar o‘sadi. Ulardan ko‘plari endemik bo‘lib, Respublika Qizil
Kitobiga kiritilgan. Milliy bog‘ning hayvonot dunyosi ham o‘ziga xos noyobdir.
Sut emizuvchilarning 16 turi uchraydi, ulardan ayniqsa og‘irligi 250 kg yetadigan va uzunligi
180 sm yetadigan katta burama shoxli Pomir arhari diqqatga sazovordir. Bog‘ning
qoyali rayonlarida tog‘ takasi galalari yashaydi. O‘sha joylarda esa ularni
ovlovchi qor yo‘l barsi uchraydi. Tog‘ yon-bag‘irlari va vodiylarda yilning
8-oyi uyquda, faqat yozda faol hayot kechiruvchi uzun quyruqli sug‘urlar
to‘dasi joylashgan. Uzoq vaqtga qadar Pomirning noyob tabiati va chiroyi dunyo
jamoasi uchun yetib bo‘lmaydigan o‘lka bo‘lib keldi. Tojik Milliy bog‘ining
tashkil etilishi turizmni rivojlantirish va milliy bog‘ning rekratsion imkoniyatlaridan
foydalanishni ko‘zda tutadi. Shimoli-G‘arbiy Pomirda joylashgan va
alpinistlarning qadimdan diqqatini jalb qilib kelayotgan Ismoil Somoni (avvalgi
Kommunizm cho‘qqisi), Lenin cho‘qqisi, Revolyutsiya cho‘qqisi va boshqalarga
chiqish uchun imkoniyatlar vujudga keldi. Milliy bog‘ bo‘ylab o‘rtacha va oliy
kategoriya murakkabligidagi bir qancha turistik marshrutlar o‘tkazilgan. Bu
marshrutlar ekologik turizm nuqtai nazaridan katta o‘rganish (bilish)
ahamiyatiga ega.
O‘rta Osiyoning
biosfera rezervantlari. Avvalo shuni aytish kerakki, biosfera rezervati
deganda biologik xilma-xillikni saqlashni va bir vaqtda mintaqaning barqaror
iqtisodiy rivojlanishi tushuniladi. Ular tabiiy va madaniy landshaftlarni
saqlash maqsadida tashkil etiladi. Shunday qilib, inson va barqaror xo‘jalik
rivojlanishi, shunga o‘xshash alohida muhofaza qilinadigan hududlarni
yaratishning asosiy tamoyillaridan biridir. Biosfera rezervati konsepsiyasi
YUNESKO tomonidan «Inson va biosfera» dasturi doirasida ishlab chiqilgan edi. Birinchi
biosfera hududlari 1976 yilda paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda butun dunyo biosfera
rezervatlari turlari 97 mamlakatning 411 ob’ektini qamrab olgan. YUNESKO
tomonidan tan olinishi, har bir biosfera rezervati uchun alohida (maxsus)
status olinganligini bildiradi. Xalqaro mezonlarga ko‘ra biosfera rezervatlari
hududida uchta zona ajratiladi: qo‘riqlanadigan zona, bufer zona va o‘tkuvchi
(perexodnaya) zona.
Qo‘riqlanadigan
zona – inson faoliyati natijasida o‘zgarmagan yoki juda kam o‘zgargan tabiiy
tizimlarni – landshaftlarni o‘z ichiga oladi.
Bufernaya zona – birinchidan,
qo‘riqlanadigan zonani inson xo‘jalik faoliyatining salbiy oqibatlaridan himoya
qilish uchun, ikkinchidan bu yerda har xil eksperimental tekshirish ishlari
olib boriladi, jumladan tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish usullari ishlab
chiqiladi.
O‘tquvchi yoki
rivojlanish zonasi biosfera rezervatlarining qo‘riqlanadigan zonasidan
boshqa hamma uchastkalarini qo‘shib oladi. Rivojlanish zonasida yaylovlar,
dehqonchilik qiladigan uchastkalar, qishloq tipidagi aholi turar joylari va
boshqalar joylashadi. Biologik rezervat rivojlanish zonasi hududida hamma
tomonlarning bevosita hamkorligi va o‘zaro kelishuvi asosida tabiiy resurslarni
barqaror boshqarishi kerak. Qirg‘izlar qadimdan Issiqko‘lni muqaddas ko‘l deb
hisoblab kelar edilar. Shuning uchun 1948 yilda ko‘l atrofida birinchi
qo‘riqxona paydo bo‘ldi, qolgan alohida muhofaza qilinadigan hududlar
keyinchalik yaratiladi. Bu alohida muhofaza qilinadigan hududlar uncha katta
bo‘lmagan uchastkalarni ishg‘ol qilar edi. O‘rta Osiyoda birinchi biosfera
rezervati Qirg‘iziston Respublikasida tashkil etilgan edi. 1998 yilda
Qirg‘iziston davlati butun Issiqko‘l oblastini «Issiqko‘l» biosfera hududi deb
e’lon qildi. 2000 yili shunga muvofiq ishlarni bajarish uchun qaror qabul
qilindi, 2001 yildan esa, biosfera hududini boshqarish strukturalarini tashkil
etish boshlandi. 2001 yil sentyabr oyida «Issiqko‘l» biosfera hududi YUNESKO
tomonidan rasmiy tan olinib, Butun dunyo Biosfera rezervati To‘riga qo‘shildi.
«Issiqko‘l» rezervatining YUNESKO tomonidan tan olinishi Qirg‘iziston
mamlakatining noyob madaniy va tabiiy landshaftlarni saqlash uchun butun
kuchini safarbar etishga majbur etadi. Issiqko‘lning uzunligi 160 km , kengligi ayrim
joylarda 60 km
yetadi. Ko‘l dengiz sathidan 1600
m balandlikda joylashgan.
Nurota – Qizilqum
biosfera rezervati. Tashkil etilayotgan Nurota – Qizilqum biosfera
rezervati Markaziy Osiyo mamlakatlarida, ikkinchi (Qirg‘izistondan keyin)
biosfera hududi bo‘lib, jahon jamoatchiligi tomonidan qo‘llab – quvatlanmoqda
va hozirgi zamon xalqaro talab va mezonlariga javob beradi. Bu biosfera
rezervati mamlakatimizning Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlari tutashgan
joyida joylashgan. Bu mintaqa Zarafshon va Sirdaryo daryolarining o‘rtasida
O‘rta Osiyoning tog‘ tizmalaridan tekislik sahrolariga o‘tkuvchi (perexodnoy)
zonada joylashib, sayyoramizning ulkan sahrolaridan biri bo‘lgan Qizilqum
sahrosining janubiy qismini, Aydarko‘l va Tuzkon ko‘llarini va Pomir-Oloy tog‘
tizmasining shimoli-g‘arbiy tormog‘i – Nurota va Qo‘ytosh tizmalarini ishg‘ol
qiladi.
Bu hudud nafaqat
tabiiy landshaftlari bilan, balki o‘zining flora va faunalari bilan ham
noyobdir. Masalan, bu hudud yer shari bo‘yicha faqat shu yerda Xalqaro Qizil
Kitobga kiritilgan, arharning endemik turchasi (podvidi) bo‘lgan Seversov
qo‘ylari yashaydigan yagona joydir. Bu yerda 100 dan ortiq tarixiy va
arxeologik yodgorliklar bor. Yana shuni aytish kerakki bu zonada ikkita alohida
muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar mavjud edi. Ushbu hududda 1975 yilda
Nurota davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan bo‘lib, uning maydoni 40 ming
gektarni tashkil qilgan edi. U noyob landshaftlarni (ekotizimlarni), Nurota
tog‘ tizmasining o‘simlik va hayvonot dunyosini, eng birinchi navbatda esa
Arhar qo‘yining endemik turini (Seversov qo‘yini) saqlash uchun yaratilgandi.
Ilgari vaqtda bu
yerda Arnasoy qo‘riqxonasi mavjud bo‘lib, 1987 yilda u qaytadan tuzilib arnasoy
ornitologik buyurtmasiga (zakaznigiga) aylantiriladi. Arnasoy ornitologik
buyurtmasi tomonidan kam uchraydigan, uya quradigan va suvda suzuvchi qushlarni
saqlash maqsadida ikkinchi muhofaza hududi yaratildi. Ammo ikkita muhofaza
qilinadigan tabiiy hududning borligi biologik xilma-xillik muommasini
yechaolmadi. Aksincha keyingi o‘n yilliklarda u keskinlashdi. Asosiy xavf inson
xo‘jaligi faoliyati - mollarni uzoq vaqt tartibsiz boqish, o‘tin uchun
daraxtlarni va butalarni kesish va boshqalar bo‘lib, ular atrof-muhitda salbiy
oqibatlarga olib keladi, aholining yashash sharoitini yomonlashtiradi va oxir-
oqibatda, ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muommalarning keskinlashuviga (ayniqsa
tog‘li qismida) sabab bo‘ladi. Biosfera hududining yaratilishi biologik
xilma-xillikni saqlashga va tabiiy resurslarni tiklash va barqaror
rivojlanishga qaratilgan yerdan foydalanishning yangicha usullarini qo‘llash
bilan mahalliy xalqning yashash sharoitini yaxshilashga imkon berishi kerak.
Nurota-Qizilqum
biologik rezervatini tashkil etish g‘oyasi, 1992 yilda Nurota tog‘ tizmasi
hududiga bir guruh Germaniya tabiatni muhofaza qilish ittifoqining a’zolari va
ekolog olimlari ekspeditsiya a’zolari tomonidan aytilgan edi. Ekspeditsiya
chog‘ida biolog, geograf olimlar shu hududda jahon talablariga javob beradigan
biosfera rezervatini yaratish zarur, degan fikrga keldilar. Loyihaga 2000 yildan
boshlab BMTning rivojlanish dasturi, Global ekologik jamg‘armasi doimiy
ravishda yordam berishi ko‘zda tutilgan. 2001 yildan Global ekologik
jamg‘armasi, BMTning rivojlanish dasturi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati
O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni saqlashning modeli sifatida
Nurota-Qizilqum biologik rezervatini yaratish loihasini amalga oshirishga
kirishdi. Nurota-Qizilqum biologik zaxirasi, bu biz uchun yangi tushunchadir. U
rezervatning hamma hududida barqaror rivojlanishni va tabiiy komplekslarni,
ekosistemalarni, madaniy meroslarni saqlashni ko‘zda tutdi. Uning hududida
uchta zona – qo‘riqxona, bufer va barqaror rivojlanish zonasi bo‘ladi. Biosfera
rezervati hududida 3 ta qo‘riqxona zonasi (tog‘, sahro va suv havzasi) va 5 ta
muhofaza zonasi (2 tog‘, 2 sahro va 1 ko‘l) ajratiladi.
Biosfera
rezervatining maydoni 1,08 mln.ga, shu jumladan 57100 ga qo‘riqxona zonasi va 166524 ga muhofaza zonasi
tashkil etadi. Suv yuzasi, umumiy maydonning 18% ishg‘ol qiladi. Bu olamshumul
ahamiyatga ega bo‘lgan biologik xilma-xillikni, ekotizimlarni, landshaftlarni,
tarixiy va madaniy boyliklarni saqlashga imkon beradi. Bu eng avvalo tabiiy
muhitga antropogen omilning negativ ta’sirlarini kamaytirish, cho‘llanish
(sahrolanish) jarayonlarini sekinlashtirish, buzilgan (yomonlashgan -
degradatsiyalashgan) ekosistemalarni tiklash hisoblanadi. Nurota-Qizilqum
biosfera hududi, tabiiy boyliklarni muhofaza qilish va foydalanishning yanada
samarador usullarini amalga oshirish uchun mahalliy va Respublika
rejalashtirish tashkilotlari uchun yo‘nalish bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Va
nihoyat milliy va regional ko‘lamda u biologik xilma-xillikni saqlashning
barqaror rivojlanishining hozirgi zamon yo‘llarini namoyish qiladi.
Buxoro jayron qo‘riqxonasi.
Jayron O‘rta Osiyo va Janubiy Qozog‘iston cho‘llarida yashaydigan hayvon
turlaridan bo‘lib, O‘rta Osiyo cho‘llari va
Sharqiy Zakavkazeda keng tarqalgan. Jayronni qadimdan qoplon, it, burgut,
o‘rgatilgan gepardlar yordamida ov qilingan. Keyingi o‘n yillikda
avtomashinalar bilan ov qilish natijasida jayron soni keskin kamayib ketdi.
Endilikda jayronni ovlash barcha ittifoqdosh respublikalarda man qilingan.
Jayron muhofaza qilinuvchi nodir tur sifatida xalqaro «Qizil kitob»larga
kiritilgan. O‘rta Osiyo va Ozarbayjonda jayronni muhofaza qilish uchun maxsus
qo‘riqxona va zakazniklar tashkil qilingan. Jayronni yarim ochiq sharoitda
saqlash, ko‘paytirish maqsadida 1977 yili eng tipik cho‘l landshaftlaridan
iborat hududida, Qizilqumning janubida, Kogondan quyiroqda Buxoro pitomnigi
tashkil etildi. Qo‘riqxonaning atrofi 36 kilometr uzunlikda sim to‘rlar bilan
o‘ralgan. Unda zaruriy gidromeliorativ va biotexnik ishlar olib borilgan. 1978
yili may-noyabr oylarida 19 urg‘ochi va 25 erkak jayron olib kelindi. Hozir
ularning soni birmuncha ko‘payib, 300 boshdan oshib ketdi. 5 ming 600 gektar
yerni egallagan bu maydonda jayronlarning yashashi uchun barcha
shart-sharoitlar yaratilgan. Bu qo‘riqxona O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib
tashkil etilgan. Bu qo‘riqxonaga jayronlarni va kamayib
ketayotgan boshqa hayvonlarni ko‘paytirish vazifasi yuklatilgan. Hozirgi vaqtda
bu yerda Prejevalskiy otlari ham ko‘paytirilmoqda.
Adabiyotlar:
1. Алибеков Л.А., Нишонов С.А. – Природные условия и ресурсы
Джизакской области. Ташкент, «Ўзбекистон», 1978 г .
2. Алибеков Л.А. – Ландшафты и типы земель Зарафшанских гор и
прилегающих равнин. Ташкент, «Фан», 1982.
3. Алибеков Л.А. – Географик тадқиқотларнинг космик методи.
Тошкент, «Ўқитувчи» 1983.
4. Алибеков Л.А., Нишонов С.А. – Табиатни муҳофаза қилиш ва
табиий ресурслардан рациональ фойдаланиш. Тошкент, «Ўқитувчи», 1983.
5. Алибеков Л.А. – Ландшафтларни муҳофаза қилиш. Тошкент,
«Фан», 1985.
6. Алибеков Л.А. – Народный парк Узбекистана. «Природа», №1.
1986.
7. Ахмедов Н., Ҳошимов М., Шоймуродов Т. – Китоб геологик
қўриқхонаси. Самарқанд, 1997.
8. Баратов П.Б., Маматқулов М., Рафиқов А. – Ўрта Осиё табиий
географияси. Тошкент, «Ўқитувчи», 2002.
9. Ғуломов П., Ҳасанов И., - Ўрта Осиё табиий географияси.
Ташкент, Университет 2002 й.
10.
Заповедники Средней Азии и южного
Казахстана. М., «Мысль», 1990.
Комментариев нет:
Отправить комментарий